O'zbek xalq laparlaridan
Erta bilan turaman
Bilakuzuk
Doira dum-dum
Navro'z qo'shig'i
Sust xotin
Lolajon
Omon yor
Lolacha
Oromijonim yalli
Erta bilan turaman, nahori nashta-yo, nahori nashta,
O'ng qo'limda ignayu, tizzamda kashta-yo, tizzamda kashta.
Borib ayting o'sha qalami qoshga-yo, qalami qoshga,
Ho, boraveradi-kelaveradi, va'dasi boshqa-yo, va'dasi boshqa.
Ey nozli yorim, ko'zi xumorim,
Mehr bilan menga qarang, vafoli yorim-o, vafoli yorim.
O'yinga tushgan ukamning nozi chiroyli-ga, nozi chiroyli,
O'ng yuziga yarashgan holi chiroyli-ga, holi chiroyli.
O'ng yuziga yarashgan holi bo'lsachi-yo, holi bo'lsachi,
Ho, savlatiga yarashgan yori bo'lsachi-yo, yori bo'lsachi.
Ey nozli yorim, ko'zi xumorim,
Mehr bilan menga qarang, vafoli yorim-o, vafoli yorim.
Yuqoriga qaytish

Qiz:
Soy bo'yida-yo yurgan yigit,
Qoshu ko'zini suzgan yigit,
Bilaguzugim olgan yigit-o,
Qaytarib bergin bilaguzugim.
Yigit:
Soy bo'yida-yo turganim yo'q,
Qoshu ko'zimni suzganim yo'q,
Bilaguzugingni olganim yo'g'a,
Olganlar bersin bilaguzuging.
Qiz:
Oq otingga-yo yol bo'layin,
Oq yuzingga-yo hol bo'layin,
Yoring yo'qdir, yor bo'layin-o,
Endi bergin-o bilaguzugim.
Yigit:
Oq otimga-yo yol bo'lgin sen,
Oq yuzimga-yo hol bo'lgin sen,
Yorim yo'qdir, yor bo'lgin sen-o,
Mana olgin-o bilaguzuging.
Yuqoriga qaytish

Doira dum-duma, bahori mavsum-a,
Kelsa bahor gulg'unchalar qilar tabassum-a.
Yurak duk-duk urodi yor oldiga borgani,
So'zi uchun boraman-o, dardga davo olgani.
Doira dum-duma, bahori mavsum-a,
Kelsa bahor gulg'unchalar qilar tabassum-a.
Ko'ring yuqori tog'da kecha-kunduz yog'ar qor,
Ayrilib ketay desam-o kichiklikdan sevgan yor.
Doira dum-duma, bahori mavsum-a,
Kelsa bahor gulg'unchalar qilar tabassum-a.
Yuqoriga qaytish

Boychechak chiqibdi, bugun navro’z ekan!
Hamma bir-biriga jigar so’z ekan.
Olam ham barobar kecha-kunduz ekan,
Boychechak chiqibdi, bugun navro’z ekan!
Yangi yilingiz muborak bo'lsin, hoy bobo!
Yangi yilingiz muborak bo'lsin, hoy momo!
Yangi yilingiz muborak bo'lsin, hoy Ona!
Boychechak chiqibdi bugun navro’z ekan!
Hoy, bog’bon bobo, niholga bersin baraka!
Hoy, dehqon bobo, dalangga bersin baraka!
Hoy, cho’pon bobo, qo’rangga bersin baraka!
Boychechak chiqibdi, bugun navro’z ekan!
Yuqoriga qaytish

Sust xotin, suzma xotin,
Ko’lankasi maydon hotin!
Yomg’ir yog’dir, ho’l bulsin,
Yeri jahon ko’l bo'lsin.
Maysalar quloq yozsin,
Sutu qatiq mo’l bo'lsin!
Sust xotin, suzma xotin,
Ko’lankasi maydon hotin!
Yomg’ir yog’dir, ko’k bo'lsin,
Qurgoqchilik yo’q bo'lsin.
Arpa bug’doy bosh tortsin,
Kayvonilar osh tortsin.
Sust xotin, suzma xotin,
Ko’lankasi maydon hotin!
Yomg’ir yog’dir, ho’l bo’laylik,
Biz ham senga jo’r bo'laylik.
Ko’klamda o’ynab–kulib,
Ham sho’xu ham zo’r bo'laylik.
Sust xotin, suzma xotin,
Ko’lankasi maydon hotin!
Yomg’ir yog’di, do’l bo'ldi,
Yeri jahon ho’l bo'ldi.
Shaftolilar barg yozdi,
Dunyo to’la gul bo'ldi.
Sust xotin, suzma xotin,
Ko’lankasi maydon hotin!
Yuqoriga qaytish

Lola, lola, lolajon,
O'sar joying dalada.
Lola, lola, lolajon,
Chidadingmi jalaga.
Jala yoqsa qo’rqmagin,
Sellar oqsa qo'rqmagin.
Chiroyini ochay deb,
Qizlar taqsa qo’rqmagin.
Sayilimiz sho’x bo'lsin,
Dardu alam yo’q bo'lsin.
Yur sayilga boraylik,
Lolalarni ko’raylik.
Quchog’imiz to’ldirib,
Lolagullar teraylik.
Yerning koni, lolajon,
Yerning joni, lolajon.
Lola sayliga keldik,
Ko’rdik seni, lolajon.
Yuqoriga qaytish

Omon yor o'ynasangchi, omon yor
Belingni bog'lasangchi, omon yor.
Shunday go'zal zamonda, omon yor,
Ochilib o'ynasangchi, omon yor.
Ha doda, voy doda, omon yor,
Ochilib o'ynasangchi, omon yor.
O'zbegimning qizlari, omon yor,
Shahlo ekan ko'zlari, omon yor.
Nozlanib so'zlaganda, omon yor,
Shaydo etar so'zlari, omon yor.
Ha doda, voy doda, omon yor
Sochilib o'ynasangchi, omon yor.
Yuqoriga qaytish

Lolachaga ishim bor, hey lola,
Kistamda kishmishim bor, hey lola.
Kishmish bo'lsa mayliga, hey lola
Qiz bolaga ishim bor, hey lola.
Yugur-yugur man ko'ray, hey lola,
Sochingni mayda o'ray, hey lola.
Sanga kelgan baloga, hey lola,
O'zim ko'ndalang bo'lay, hey lola.
Yuqoriga qaytish

Odamlaru, odamlar,
Yalli jonim, yalli.
Eshitmadim demanglar,
Oromijonim yalli.
Yurtga katta to'y bugun,
Yalli jonim yalli.
O'ynab kulinglar bu kun,
Oromijonim yalli.
Bog'da o'sar qizil gul,
Yalli jonim, yalli.
Shoxiga qo'nar bulbul
Oromijonim yalli.
Mustaqil yurtni ko'rib
Yalli jonim yalli.
Yayrab ketadi ko'ngul.
Oromijonim yalli.
Davrani qilar yoshlar
Yalli jonim yalli.
Davrada kuy, qo'shiqlar,
Oromijonim yalli.
G'arib ko'ngillarimizga
Yalli joim, yalli.
Qani o'ynang yigitlar.
Oromijonim yalli.
Yurtimiz gulga to'lsin,
Yalli jonim, yalli.
Har joyda tinchlik bo'lsin
Oromijonim yalli.
Yaxshi niyat qilganlar,
Yalli jonim, yalli.
Murodlariga yetsin.
Oromijonim yalli.
Yalli jonim, yalli,
Oromijonim yalli.
Sarviravonim yalli.
Yuqoriga qaytish

|
|