Usmon Azim ijodidan
Shoir haqida
Onamga maktub
Yorijon
Grafika
So'nggi uchrashuv
Alamli qo'shiq
Avto bekatida
O'n yil kechikish
Bekor. Yolg'on!
Endi she'r yozmayman
Dunyodagi Eng Go'zal Ayol
Biz uchrashmadik
Ishq yo'llari xatarlidir
Joningiz qayda?
Xayrlashmoq kerak
Men senga keltirdim
Sevgimiz o'ldimi?!
Ishq ko'zlarni yoshlab o'tadir
Sevgi - xatda naqadar go'zal!
Boysun haqida g'amgin ballada
Ayt, qachon ulgurding jonim bo'lishga
Birga yonmoq baribir sozdir
Besarhad fazo
Kechalari yurak sanchadi
Qiynaladi oftobni kutib
Iltijo etaman
Nahotki bir qarash
Qodir hayot - ulkan yalmog'iz
Iztirobdan
Bog'laringning devorlari mo'l

Erta-indin yelar izg’irin,
Yiqiladi bog’larga tuman.
Anglagani yashashning sirin,
So’zlashaman yomg’irlar bilan.
Mastu alast, beg’am do’sti yor,
Toliqtirar qalbimni manim.
Shunda birdan bo’ladi oshkor,
Yolg’izlardan yolg’iz ekanim.
Derazaga ho’l bag’rin bosib,
Kuzak tuni surganda xayol –
Men eng go’zal she’rimni yozib,
Sizni eslab yig’lashim ayon.
Yuqoriga qaytish

Umrimni bir olis ishqqa almashdim,
Qochdim hushyorlikdan, tushga almashdim,
Beqanot qalbimni qushga almashdim –
Sizsiz o’tgan umrim bekor, yorijon!
Ne baxtkim, yuragim bemor, yorijon!
Ul ko’zda qay kuni porladi ziyo,
Dunyodan kechgulik topdim bir dunyo.
Bu dunyo nimadur? Bu dunyo – ro’yo –
Faqat pok ishqingiz haqdir, yorijon,
Qalbimga eng yuksak taxtdir, yorijon.
Garchi o’rtamizda sog’inchu hijron,
Garchi visol yo’li vayrondir, vayron,
Ammo azobingiz ko’ksimda har on –
Muqaddas olovday qoldi, yorijon,
Shukurkim, siz bilan yondim, yorijon.
Yashardim o’zimga muz kabi boqib,
Ishq keldi, jo’nadim, daryoday oqib,
Menga habib bo’ldi hatto shum raqib –
Ko’rib – to’lqin-to’lqin qonim, yorijon,
Siz mening jonimsiz, jonim, yorijon.
Hech qachon demasman boshni yo’qotdim,
Eridim, vujuddan toshni yo’qotdim.
Yillarni yo’qotdim – yoshni yo’qotdim,
Mendan ayro tushdi yolg’on, yorijon,
Shundanmi tillarim ravon, yorijon.
Nodon der „Sen borni yo’qqa almashding,
Quyoshni bir g’arib cho’qqa almashding...“
Kulaman: “Xalqobni ko’kka almashdim...“
Endi yurar yo’lim falak, yorijon,
Qanotga aylandi yurak, yorijon!
Yuqoriga qaytish

Ko’zing qaro sening, qoshlaring qaro,
Yuzlaring oq sening, kulishlaring oq.
Qo’lingdagi ta’na toshlaring qaro,
Menga g’amgin boqib turishlaring oq.
Unutishing - qaro, hijroning qaro,
Sog’inching oppoqdir, xatlaring – oppoq.
Qarodir yurganing o’ch-mehr aro,
Menga tashlab ketgan dardlaring – oppoq.
Shommi yo saharmi – vaqtimdir qaro,
Sen deb to’kayotgan yoshlarim oppoq.
Sening ham, mening ham baxtimdir qaro,
O’ttiz to’rt yoshingda sochlaring oppoq.
Ishon, yurak oqdir, qarodir taqdir,
Oq-qaro bo’yoqlar bizning bog’larda...
Men million bo’yoqni bilardim, axir,
Ikkimiz baxtiyor bo’lgan chog’larda.
Yuqoriga qaytish

Avval hayron qolding, quvonding, kulding,
Jim qotding. Ko’zingga yosh olding birdan.
So’ng begonaday menga termulding,
Yig’i nuqsi urgan nigohing bilan.
Xavotir ichida deding: „Men ketdim...“
To’xtading. Xo’rsinding. Jo’nading shitob.
Kuzgi chorbog‘ aro yo’qolding, yitding,
Atlas liboslarga belangan sarob.
Avval hayron qoldim. Beparvo kuldim.
Jim qotdim. Go’dakday yig’ladim birdan.
So’ngra begonaday ko’kka termuldim –
Men hanuz falakka begonadayman...
Yuqoriga qaytish

O’zgani sevsang, sevgin,
Men ham senga zormasman!
Kel, yonimga, kela qol deb,
Chorlasang ham bormasman!
O’zi seni nega sevdim?
Buncha bo’lmasam ojiz.
Go’zalmassan, sen shunchaki,
Nayrang-makri ko’proq qiz.
Rostin aytsam arzimaysan,
Na she’rim, na sevgimga.
Men balandman! Qo’ling yetmas!
Ketavergin tenging-la...
Nima deding! Aslo, hech ham
Ko’zimdagi yosh emas.
Yosh bo’lsa ham sening uchun,
To’kmayapman... Bo’ldi... Bas...
Ketgin endi. Sevmayman-ku,
Meni qoldirgin yolg’iz!
Tugayapti sabrim... Tag’in –
Oyog’ingga cho’kmay tiz...
Yuqoriga qaytish

O’sha – meni hech kim sog’inmagan shom,
Avto bekatida hayrona turdim.
Boshimni ko’tarib boqdim bir zamon,
Qarshimda bir yigit, bir qizni ko’rdim.
Yigitning paltosi... Yo’q, yodimda yo’q...
Aniq, ko’m-ko’k edi qizning paltosi.
Bellarini quchgan belbog’i ham ko’k,
Hatto ko’m-ko’k edi to’rtta tugmasi...
Yigitning ko’zlari... Eslay olmayman...
Oshkor jaranglatib pinhon o’yini,
Qizning ko’zlarida yoqardi gulxan,
Erkalik va ishqning ma’sum quyuni...
Yigitning yuzida bilmayman, nima...
Ammo qizning yuzi qarshimda ayon:
Uni ko’mgan edi gulgun shafaqqa,
Muhabbat – eng moviy pokiza osmon...
Qor bo’lsa yog’ardi, qizning boshidan,
Kumush tangalarni ayamay sochib.
Shamol titar edi – ko’zi, qoshiga,
Manglayiga tushgan bir tutam sochin.
Yigit... Yigit bilan qancha ishim bor!
Ammo qiz yigitni shunday suyardi –
Ki, goh termulardi hazin, beozor,
Goho qo’llarini ushlab qo’yardi.
Toshkentday shaharda, balki dunyoda,
Yagona – hammadan go’zal edi qiz.
Chiqmasa ham telba orzum ro’yobga,
Bo’zlab qarshisiga cho’kkim keldi tiz!
Yigit... Ammo seni nega o’ylayman,
Hozir ham havasdan muzlaydi etim...
Men qorli bekatda vayron turgan shom,
Sen mendan – hammadan baxtiyor eding.
Yuqoriga qaytish

Bizni chalkashtirdi soat millari,
Soating to’xtadi o’n yil muqaddam.
O’n marta aylandi mening yillarim,
Sen o’n yil kechikib kelding, Muharram.
Havo quyuq edi. Kecha bejon, keng...
Hech umid yo’q edi oydin ro’zimdan.
Vaqtga (o’n yil avval) kelolmadim teng,
Vaqt uchdi ajratib meni o’zimdan.
Bir so’zim bor edi – u so’z to’zidi,
Bir o’yim bor edi – quridi u o’y.
Sen kelding eritib yillar muzini,
Qarshimda bir olam turar bahorro’y.
Basabr boqursan, notinch boqursan,
Uyqu bermagaysan she’rlar yozdirib.
Bormasam – olamni o’tda yoqursan,
Ko’zlaring qalbimga kirar bostirib.
Toqat qil. Shoshirma. Men borayapman.
(Poyimdan nur kabi oqa boshlar Yer).
Ketmagin. Men sendan o’n yil nariman,
O’n yildan o’tishga o’n daqiqa ber...
Yuqoriga qaytish

Bekor. Yolg’on. Botmagan,
Muhabbatning quyoshi.
Tun keldi deb dodlagan,
Bevafolar ko’z yoshi.
Men boraman. Bu jonim,
Senikidir... O’ksima.
Tunda qo’rqma. Oq tongning
Bir parchasi ko’ksimda...
Yuqoriga qaytish

Endi she’r yozmayman unga bag’ishlab,
Endi xayolini o’ylab yig’layman.
Ana, qorli kecha – oppoq farishta,
Bo’salar olmoqda aziz manglaydan.
Endi maktublar ham bitmayman – tamom!
Zanjirband qilaman telba qayg’uni.
Ana, qorli kecha – to’zg’igan shayton,
Olib ketmoqdadir quchoqlab uni.
Nahot, qachonlardir chiqadi quyosh,
Nurga yo’g’riladi bu sovuq dunyo?
Endi bu hayotim ketguncha bardosh,
Endi bu hayotim meniki tanho...
Yuqoriga qaytish

Sen uxlayapsan.
Derazadan tushgan oy nuri
sudralib-sudralib
ko’rpangga yetar.
Dunyodagi Eng Go’zal Ayol,
oyning nurlariga o’ranib uxla,
oyning nurlarini quchoqlab uxla,
meni sog’ingan lablaringni
oyning lablariga bosib uxlagin...
Men bora olmayman. Yurak to’la tosh.
Ayt, qachon vaznsiz bo’lmoqlik mumkin?
Qanday oy nuriga aylansa bo’lar
Va qachon oy nuriday sarg’aygan qo’llarim
Qaro sochlaringni silab titragay?
Dunyodagi Eng Go’zal Ayol,
nahot, bir umr kerak bo’lsa,
oy nuriga aylanmoq uchun?..
Yuqoriga qaytish

Tong chog’i tun bilan kunduz uchrashdi,
Tunda armon bilan yulduz uchrashdi,
Bahor bilan kuzak – baxtxush uchrashdi,
Toshlar uchrashdilar, biz uchrashmadik.
Bulut zamin bilan yig’lab uchrashdi,
Shamol kurtaklarni ilg’ab uchrashdi.
Visol hijron bilan minglab uchrashdi,
Yoshlar uchrashdilar, biz uchrashmadik.
O’lik zil tuproqni otdi ko’tarib,
G’ofil tiriklarni topdi axtarib,
Yo’qlik va borliqni oralab, g’arib –
Boshlar uchrashdilar, biz uchrashmadik.
Sarxush ari bilan uchrashdi gullar,
Erka shodlik bilan uchrashdi munglar,
Nigohlar, bag’irlar, lablaru qo’llar,
Qoshlar uchrashdilar, biz uchrashmadik.
Yoningda turibman dalli devona,
Yorim-a, ketdimi ishq yona-yona?
Men seni quchaman... Sovuq, begona –
Loshlar uchrashdilar, biz uchrashmadik.
Yuqoriga qaytish

Endi bizga ishq yo’llari xatarlidir,
Ma’yuslidir, og’riqlidir, kadarlidir,
Ibtidomiz intihodan xabarlidir,
Quvonchi oz, g’ami o’lim qadarlidir.
O’rtamizda begonalar nafasi ko’p,
Poklikning ham, gunohning ham sharpasi ko’p.
Yuraklarning chidab bo’lmas qafasi ko’p,
Umr – daryo, har mavji bir ajdarlidir.
„Oh“ urarmiz, har „oh“imiz – sariq yaproq,
Ishq bog‘ berdi ikkimizga, tumanli bog‘,
Har bir bargi xazonlikda, har bargi dog‘ –
Najotsiz ishq dami odam yutarlidir.
Qarashingda umid bordir, vido bordir,
Baxtli, badbaxt jo bo’lguvchi dunyo bordir,
Qo’rqma, senga meningdek bir fido bordir,
Garchi sevgi ikkimizga zaharlidir.
Yoshlaringni yulduz qilma osmonlarga,
Osmon emas, inson chidar armonlarga,
Kelgin, so’ng bor ishonaylik yolg’onlarga –
Ki, sevgining yo’li mudom saharlidir.
Yuqoriga qaytish

Ishqning osmonida oyga qo’shilib,
Aylangan boshingga bulutlar qaytar.
Mening quchog’imda kuyday eshilib,
Asta shivirlaysan:
- Joningiz qayda?
O’g’irlaysan barcha kalitlarimni,
Sandiqlar ochilar – senga sir aytar.
Izlaysan Qo’ng’irot, Yovmudlarimni,
Horib shivirlaysan:
- Joningiz qayda?
- Shumi? – Qilichimni ko’lga tashlaysan.
- Balki bu? – qo’lingni cho’zasan yoyga.
So’ngra yig’lab-yig’lab so’roq boshlaysan:
- Bir marta ayting-chi,
Joningiz qayda?
O‘zingni qadringni suvga otasan,
Mening izzatimni qotasan loyga.
Bolang o’lgan kabi fig’on tortasan:
- Hamon tirikmisiz –
Joningiz qayda?
Og’ular qo’shasan hamma oshimga,
Har qanday qasoslar tuyilar mayda.
Yalinib turasan yana qoshimda:
- Nega o’lmayapsiz?
Joningiz qayda?
Jonim senda deyman – aylanmas tilim,
Jonim sensan deyman – yuragim to’nar...
Mening omonatim...
Jonim!
Sevgilim!
Endi snei qanday asrasam bo’lar?...
Yuqoriga qaytish

Xayrlashmoq kerak sen bilan,
Ko’ngillarni uzmoqlik kerak.
Kechmoq kerak g’arib umiddan,
Dunyomizni buzmoqlik kerak.
Boshqalarga bermoqlik kerak,
Kuzgi oqshom charchoqlarini.
Endi ma’yus termoqlik kerak,
Sevgimizning aldoqlarini.
Bizga do’zax va’dalar etib,
Tepamizdan jim boqar xudo.
Seni saqlay, sevgidan ketib,
Ishqda qolib, sen bo’lma ado.
Muncha shirin bu kuz oqshomi
Labingdagi charchoq kalomlar:
- Men do’zaxdan qo’rqmayman, jonim,
Do’zaxdaman allaqachonlar...
Yuqoriga qaytish

Men senga osmonni keltirdim, sevgim,
Anov ikki to’zg’in buluti bilan,
Nimta oyi bilan, hududi bilan –
Men senga osmonni keltirdim, sevgim.
Men senga bahorni keltirdim, sevgim,
Yomg’irlari bilan, sellari bilan,
Gullarni uyg’otgan yellari bilan –
Men senga bahorni keltirdim, sevgim.
Men senga saodat keltirdim, sevgim,
Ko’ngling ravshan bo’lsin – Chirog’i bilan,
Bedorligi bilan, charchog’i bilan –
Men senga saodat keltirdim, sevgim.
Senga bir tinch dunyo keltirdim, sevgim,
„Mana, olgin, dedim, hamma narsa taxt –
Mana bu mehrdir, mana bu-chi – baxt...“
Senga bir tinch dunyo keltirdim, sevgim.
Sevgilim, podshohlar senday saxiymas –
Menga bahori yo’q kuz keltirding sen.
Yana osmoni yo’q ro’z keltirding sen,
sevgilim, podshohlar senday saxiymas.
Qatra iqboli yo’q kuz keltirding sen.
Endi ikkimizda hamma narsa bor!
Qani ketdik, jonim,
Bel bukilguncha,
Tomir uzilguncha,
Jon to’kilguncha...
Yashashga iqrormiz, o’limga iqror.
Yuqoriga qaytish

Sevgimiz o’ldimi? - libosingiz ko’k,
Ko’nglingiz – begulxan, ko’zingiz – becho’g‘.
Bizdan borish yo’qdir, sizdan – kelish yo’q –
Kelishsiz dunyoda beg’am, azizim,
Nega ko’zlaringiz benam, azizim.
O’t yetdi – qaqshatdi band-bandlarimni,
Tuproqqa sochdingiz balandlarimni,
Aqlimni, dilimni – bebaxtlarimni –
Borishsiz dunyoga otgan, azizim,
Olisda oy kabi botgan, azizim.
Chunki tunga aytar rost „oh“ingiz yo’q,
Falakda kezgani sha’n rohingiz yo’q,
Nechun kelmaysiz, gar gunohingiz yo’q –
Boqaman: nigohim – gumon, azizim,
Yo’llaring tumandir, tuman, azizim.
Qarang, ming bir bargda kuzak uchadir,
Qizil-sarig’ida – yurak uchadir,
So’ngaklar uchadir, suyak uchadir –
Bu to’fon – xazonlig‘ menman, azizim,
Sizsiz ming kuzakka tengman, azizim.
Ammo siz sarg’aymang – gulli bog‘ bo’ling,
Yam-yashil ko’karing, mudom sog‘ bo’ling,
Bahornng bagrida beadog‘ bo’ling –
Axir, qarg‘aganim sizmas, azizim,
Ikki kuz dunyoga sig’mas, azizim...
Yuqoriga qaytish

So’zlaringda – hasrat, ko’zlaringda – nam,
Suyganim, g’ussangga to’ldi-ku olam...
Ko’ngil salqinida sevgi – bir shabnam,
Quyosh kulganicha yashab o’tadir.
Tumanlar ichinda bog’lar hayrondir,
Ayriliq bulbuli jonda sayrondir,
Ikkimiz tuzgan bu yurak vayrondir –
Ishq seli xarobat tashlab o’tadir.
Ishq dedik – yo’lida ado bo’ldik biz,
Ishq qayda? Bilmadik – xato bo’ldik biz,
Ishqimizu ishq so’rab gado bo’ldik biz –
Ishq jondan do’zaxni boshlab o’tadir,
Ko’ksimdan qalb chiqdi – ochilib qoldi,
Shamollar tikanday sanchilib qoldi,
Zamon to’fonida yanchilib qoldi –
Oshkormas, pinhon dard yashnab o’tadir.
Suyganim yashamoq sabru qanoat,
Daqiqa – sinovdir, lahza – sinoat,
Ishq deb ado bo’lmoq balki saodat –
Garchi u ko’zlarni yoshlab o‘tadir.
Yuqoriga qaytish

Sevgi – xatda naqadar go’zal!
Dili – ayon, ruxsori – tiniq.
Gar qog’ozga tushgan besayqal,
Ishq selidan ko’zlari tinib.
Sevgi – xatda naqadar sodda,
Unutgandir o’tmish alamin.
Yuragini shoh bilan zotga,
Topshirmoqchi butun olamni.
Sevgi – xatda naqadar yaqin,
Qalamga sir pichirlagan lab.
Go’yo hozir portlaydi – chaqin...
Lablarimda o’tdan qolgan taft.
Sevgi – xatda qanday barhayot...
Tugab borar sabru bardoshim.
Yirtamanu – yetmaydi sabot,
Yoqamanu – tinmaydi yoshim.
Yuqoriga qaytish

Sen bor eding.Meni kuzatding.
-Bolam singib ketma shaharga,
Yurak bilan ko'ksing bezadim,
Eslab turgin olis safarda.
Tillarimda ertak bo'lding sen:
"Bor ekanda,
Yo'q ekan,
Och ekanda,
To'q ekan.
Ko'rdim,
Kezdim,Boysunday joy
Bu olamda yo'q ekan".
Hayron boqib do'stu begona,
Xayolkash deb kuldilar ro'y-rost.
-Boysun? Bunday joy yo'q, devona,
U tushingga kiribdi xolos.
Bu hukmga bo'lmasdan rozi,
Ertagimni kuylardim takror.
-Qulog'imda hamon ovozi,
Ishoninglar,do'stlar, Boysun bor!
Yuragimga sig'madi sog'inch.
Bu'lmayin deb hijronda vayron-
Endi kuylay boshladim notinch:
-Boysun!Boysun! Boysun! Boysunjon...
Asta-asta, bir-bir etdi rom,
Yuraklarni ohangrabo kuy.
Dedilarki:-Qani oshnajon,
Boysuningni bir ko'rsatib qo'y.
-Qani ketdik!
Shahri shovqinzor
Boshingizni qo'ymish gangitib.
Hali ko'rasizlar, Boysun bor!-
Peshvoz chiqar mehr anqitib.
Yo'llar yurdik, tog'lardan oshdik.
-Boysun qani? Boysun qaerda?
-Bir kun qalbim sevinchdan toshdi,
Men yetgandim tug'ilgan yerga.......
* * * * *
Maysalar,tovonim sizni sog'inar,
Toglar,viqoringiz qalbimda mangu.
Qaydadir qo'zichoq bo'zlar, oh urar,
Qirlarda adashgan sog'inchimmi u?
Qorlar erib oqdi bu g'amli fursat.
Bu fursat eridi tog'larning toshi.
Yurak, rahming kelsin, to'g'ri yo'l ko'rsat,
Men qanday Boysunga ketay qorishib?
Yurgan yo'lim to'fon bu g'amli fursat...
Qat'iyat ko'z yoshday oqqan mahali,
Yurak, rahming kelsin, to'g'ri yo'l ko'rsat,
Men qanday Boysundan ketay ajralib???
Yuqoriga qaytish

Endi tikanlimi bu erka yo'llar,
Yo yo'l tugadimi - endi qaytishmi?
Gullagan sevgidan qoldimi cho'llar,
Endi begonaday "xayr" aytishmi?
Oh, qachon aldashga o'rganasan sen,
Yuzingda kulgiyu, labingda titroq.
Men uchun o'rtanmay, o'rtanasan sen...
Qo'rqma! Tillarimda qolmadi so'roq.
Ne qilay? Yurakdan bo'shadi tanim,
Najot - ko'nishdami, najot - o'lishda?..
Azizim, azizim, azizim manim,
Ayt, qachon ulgurding jonim bo'lishga?
Yuqoriga qaytish

Musiqa! Izmingga tushganlar xordir -
Hamma pinhon dardni oshkor etdi kuy.
- Jonim, najot bormi?
- Najot? Ha, bordir! -
Kuygin! Yana kuygan! Faqat yana kuy!
Musiqa! Uzilsin sening torlaring -
Qaytadan ko'ngilda titrandi alam.
Gulxanga aylandi yo'g'u borlarim:
- Jonim, olovdaman!
- Yonayapman men ham!
Musiqa! Jonimning ichida bural,
Bo'g'zimga qadalgan azobing ozdir...
- Jonim, yonmoq buncha shirindir bu gal!
- Jonim, birga yonmoq baribir sozdir.
Yuqoriga qaytish

Sen yo'q eding. Besarhad fazo,
Olti qit'a, to'rt bahri ulkan
O'rtasida yashadim tanho
Mushtday mo'jaz yuragim bilan.
Hayajonu zavqdan begona,
Tinch daryoday jim oqdi umrim.
U zamonlar sen bir afsona,
U payt hali yo'q eding, qumrim.
Vahimali, cheki yo'q olam,
Bag'rida har sharpadan cho'chib
Yashadim men - eng mitti odam,
Goh miltirab, gohida o'chib.
So'ng sen kelding sevib, o'rtanib,
Panohimga, mehrimga mushtoq.
Yoningdaman, qo'rqma, sevgilim,
Men naqadar qudratliman, boq!
Sehrgarman, ko'k shevasida
Yulduzlar-la so'ylay olaman.
Mast erurman ishq kemasida,
To'fonlarda o'ynay olaman.
Men saxiyman - kim istasa baxt
Ko'ksin nurga to'ldiradurman.
Oyni ko'kdan uzib olib dast
Peshonangga qo'ndiradurman.
..Gulim, sovuq boqma, qo'rqaman,
Qo'rqaman boz bo'ladi paydo -
Olti qit'a, to'rt bahri ulkan,
Huvillagan dahshatli fazo...
Yuqoriga qaytish

Kechalari yurak sanchadi,
Tutunlarga to'ladi boshim.
Rutubatli tunni yanchgani,
Ruhimda bir porla, quyoshim.
Kunduzlarim manim - lahzalik,
Tunim - uzun. Uzun. beadad.
Yurak - yana bitta larzalik,
Jonim - yana bir og'riq faqat.
Ko'kragimdan kelib bosadi
Tosh tunlarning befarq toshligi.
Bo'shliqlarga o'zin osadi
Adashibmi kelgan yoshligim.
Tunim - uzun. Uzun. Masiqib
Tunni sudrar tentak shamollar.
Derazamga boyqushlar qo'nar,
Qo'nar juda yomon xayollar.
Yonar, erir gunohkor bardosh
Do'zaxlarning shundoq yonida...
Tug'iladi ruhimda quyosh -
Hayot-mamot jarayonidan...
Yuqoriga qaytish

Qiynaladi oftobni kutib
Yomg'irlarda ivigan shahar...
...Uxlab qolding, yig'lab, qon yutib,
Ko'ringanda ufqda sahar.
Men taqdirdan hech nolimayman,
Gar almashdi shomga tongimni.
Olib keldi bu oqshom bilan
Uzoqlarda qolgan jonimni.
Mening sarson umrimga oydin
Rivoj tilab u chekdi fig'on.
Oyog'ini tavof qildim men -
Dunyoda eng omadsiz o'g'lon.
U hech narsa qilmadi talab,
Ming o'rgildi qoshu ko'zimdan.
Uning qaro sochlarin silab,
Bu tun kechdim hatto o'zimdan.
Yomg'ir yog'di mayda-maydalab,
Mayda-mayda bo'ldi yuragim.
Tong otguncha qayta-qaytalab,
"Sevasanmi" deya so'radim.
Qiynaladi oftobni kutib,
Yomg'irlarda ivigan shahar...
...Sen ketasan qayga qon yutib,
Meni qayga boshlaydi sahar?
Yuqoriga qaytish

Iltijo etaman - Qush qilib yarat,
Tangrim, uchmoqlikka qanot ber, qanot.
Ko'nglimga, ko'zimga beparvo qarab,
Meni yer qa'riga tortmoqda hayot.
Shaffof shiddatini dunyoga yoyib,
Shamolli yo'llarim uzlatga ketdi.
Botib borayapman yerga...
Xudoyim!
Hayotning quyqasi bo'ynimga yetdi.
Yerga botayapman... Bu tavqe la'nat -
Keng dunyo degani shuncha tormikan?
Tangrim!
Yolvoraman -
Qush qilib yarat...
Yerga qo'nmaydigan qushlar bormikan?
Yuqoriga qaytish

Nahotki bir qarash...
Bir beso'z xitob...
Bir to'lqin... umring oromin buzsa...
Shuncha go'zalmisan,
Shuncha sershitob -
Qayerlardan kelding, jonginam g'ussa?
Bilmadim, qay unut bahordan sabo
Had bilmay - yetishdi kuzimga qadar.
Kuz va bahor aro yoz tursa ammo,
Ko'rishmoq hijrondir,
Muhabbat - kadar.
Uch oyning uytidan qo'lingni cho'zding,
Uch oyning ustidan o'tdi bir qarosh.
Hayotnim
Ehtimol o'limni cho'zding -
Kuzu bahor aro taloshman, talosh.
Bir ishqning yo'lida
Ul erka bahor
Nahotki, kuzaklik qarorin tuzsa?
Mening ko'zlarimda yoshim shashqator...
Sen nega kulasan, gullagan g'ussa?
Yuqoriga qaytish

Qodir hayot - ulkan yalmog'iz,
Sezib jonim mazalarini,
Yetti yamlab, qilding bir og'iz,
Umrimning sha'n lahzalarini.
Mahkamlading borlik eshigin,
Ochding yo'qlik darchalarini.
"Borsa-kelmas" sari uzatding,
Yillarimning parchalarini.
Aldoqlarga sen meni otding,
Sotding shayton hammollariga.
Mendan kechding -
Bir o'zim botdim,
Yuragimning zindonlariga.
Qodir hayot - makkora maston,
Yoqsang - olov, o'chirsang - kulman.
Kun ko'rmadim dunyoda oson -
Yuragimga men ham bir qulman.
Hali tirilishim beadad,
Hali qanday o'lishlarim bor...
Meni nima qilasan aldab,
Rostdan umring ming yilmi, chinor?
Yuqoriga qaytish

Iztirobdan
Yurak yuksalib borar,
Teranlashib borar,
Borar kenglashib,
Go'shtlikdan
Asabga aylanib borar,
Tobora boradi ruhga tenglashib.
Iztirobning munglig' tumanlarida
Tentirab yurarkan o'zlik - mitti cho'g',
Kechib vaznsiz to'g'onlaridan,
Sokin tutashadi ko'ngil bilan ko'k.
Iztirob - umrning xazonligida
Kunlaring haq sari tashlarkan qadam,
Qalb chiqib betartib to'g'onligidan,
Ko'radi: o'limu hayot bir qadam.
Senga nimanidir aytmoqchi bo'lar,
Sog'inchdan titranib mangulik labi -
Senga
Hamma narsa
Oson tuyular:
O'lim - yashamoqning davomi kabi...
Yuqoriga qaytish

Bog'laringning devorlari mo'l,
Bo'yim yetmas - devori baland.
Berk eshikka taqaladi yo'l -
Ichkari band - shamol bilan band.
Shoxlarini devordan otdi,
Meni hatto ayadi daraxt.
Ammo yo'lga devoring qotdi -
Ichkari band - salqin bilan band.
Anhorlarim manim quridi,
Saratonda yonib ketdi baxt.
Tashqarida faqat g'ururim -
Ichkari band - gullar bilan band.
Bog'laringning bo'ldim gadosi!
Kulgilarning jarangi bebaxt,
Unutilgan ishqning sadosi...
Ichkari band - kulgu bilan band.
Devorlardan o'tadi uchib
Kapalaklar - qanday tolemand...
Seni butun bog' bilan quchib
Ichkari band - mastlik bilan band.
Daraxtlarning shovullashlari
Bo'g'inimni etadi band-band...
Xayolimning yashil mavjlari -
Ichkari band - bir sen bilan band.
Yoz! Ijozat so'ra Tangridan,
Bir kechaga qolayin butun...
Dil oqmoqda... Bu bog' bag'ridan
Ariq bo'lib o'taman bu tun.
Yuqoriga qaytish

|
|